O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Gazeta.uz”ga bergan qisqa intervyusida mamlakatning magistral gaz tizimini modernizatsiya qilish zarurligi haqida gapirdi.

Avval xabar berganimizdek, “O‘ztransgaz” davlat kompaniyasi 2024−2030-yillarda “shimoldan” gaz importi hajmini oshirish uchun tizimni 500 million dollarga modernizatsiya qilmoqchi. Hozirda bu yo‘nalish orqali Rossiya gazini oladi (2023-yil 7-oktabrdan beri). Yetkazib berish hajmini kuniga 9 mln kub metrdan 32 mln kub metrgacha oshirish rejalashtirilgan.

“Biz import qilyapmiz, to‘g‘rimi? Qishda gaz bormidi? Ta’minlandimi? Nimaning hisobiga ta’minlashdi? Ha, qisman shimoldan barqaror [gaz] ta’minoti borligi bilan bogg‘liq. Shimol ta’minotning bir qismini ta’minlab beradi”, — dedi vazir.

Gaz tashish tizimi “har qanday holatda ham modernizatsiyani talab qiladi”, — deya qo‘shimcha qildi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

“Fevral oyi o‘rtalarida — mart oyining boshlarida nima uchun muammolar yuzaga keldi? Muzlama bo‘ldi, muzli yomg‘ir yog‘di, [oqibatda] [elektr uzatish] liniyalari uzildi, yerosti gaz ombori („Gazli“ yerosti gaz ombori — tahr.) to‘xtab qoldi, nasos yo‘q edi va shu ikki kun ichida biz butun tizimni tiklaganimizda quvurdan 40 million kub metr gaz chiqib ketdi. Bu nimaga ta’sir ko‘rsatdi? Biz AGTKSHlarni to‘xtatib, cheklovlar kiritishga majbur bo‘ldik. Gaz tashish tizimining ishonchli ishlashi… Bir joyda quvurga shikast yetsa, ishni to‘xtatib, tizimni [tiklaymiz]. Bilasizmi, qanday yo‘qotishlar?” — dedi Energetika vazirligi rahbari.

Vazirning ta’kidlashicha, birinchi chorak uchun investitsiya dasturida ko‘rsatilgan va “shimoldan” gaz importi hajmini oshirish uchun magistral gaz tizimini modernizatsiya qilishga sarflanishi rejalashtirilgan 500 million dollar miqdori o‘zgarishi mumkin.

“Investitsiya dasturi indikativ ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Biz buni tayyorladik. „Kompressor stansiyalari“, „quvurlar“ dedik. Ammo biz hozir quvur ichidagi diagnostikani o‘tkazmoqdamiz. Natijalardan kelib chiqib, texnik-iqtisodiy asoslash loyihasini ishlab chiqamiz va bunda qancha mablag‘ kerak bo‘lishini aniqlaymiz”, — dedi u.

Investitsiya dasturiga ko‘ra, O‘zbekiston magistral gaz uzatish tizimini modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirish dasturini (2021−2024) amalga oshirishni davom ettirish ham ko‘zda tutilgan. Umumiy qiymati 483 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida 511 kilometr magistral gaz quvurlari va 10 gaz nasos agregatini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. 1-yanvar holatiga ko‘ra, foydalanilmagan 50,1 million dollar kredit mablag‘i mavjud.

Dastlab dasturni 2023-yilda “Gazprombank” moliyalashtirish bilan yakunlash rejalashtirilgandi (hozirda dasturdagi bu nom “xorijiy bank”ga o‘zgartirildi).

Avvalroq Energetika vazirligi rahbari nega mamlakat yonida gazi ko‘p Turkmaniston bor bo‘la turib, uzoqroq bo‘lgan Rossiyadan ham gaz import qilayotganiga, shuningdek, boshqa davlatlarga gaz eksport qilinayotganiga tushuntirish bergandi. O‘shanda u Rossiyadan gaz yetkazib berish masalasini siyosiylashtirish noto‘g‘ri ekanini aytgan.

2023-yilda O‘zbekiston eksport qilganidan ko‘ra ko‘proq gaz import qildi. Yetkazib berish hajmlari orasidagi farq 165 mln dollardan oshdi. “Gazeta.uz” mamlakat ichidagi ulkan gaz zaxiralariga qaramay, bunday holat yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan omillarni tahlil qilgandi.